Emizikli ayollarda revmatoid artrit kasalligi

SavollarMavzu: NevropatalogiyaEmizikli ayollarda revmatoid artrit kasalligi
AvatarDurdona soʻradi

Mening ismim Durdona yoshim 27 da. 2016-yil 9-sentabrda ikkinchi farzandim tug’ildi. Menga Revmatoid artrit (bo’g’im kasalligi) tashxisi qo’yildi. Kasallik boshlanganiga 6 oy bo’di. Barcha davolanishlar samarasiz bo’layapti. Iltimos menga yordam bering. Nima qilsam kasallikdan qutila olaman.

Telegram kanalimizga qoʻshiling! Kanalimiz manzili: https://t.me/ATFuz
4 ta javob
Urazbaev MansurUrazbaev Mansur javob berdi

Davolashning qanday usullaridan foydalanildi. Shu haqda ma’lumot bersangiz?

Kasallikni to’liq va butkul davolash choralari ishlab chiqilmagan.
Lekin kasallikning darajasiga qarab, bemorlarning turmush jarayonini yaxshilash mumkin. Va davolash choralari ham aynan shunga qaratiladi.

Agar kasallik yengil yoki o’rta darajada bo’lsa, hayotiy faoliyatni yaxshilash imkoniyati ortadi.

Maslahatimiz davolovchi vrachdan tegishli vaqtlarda muolaja qabul qilib turing. Agar kasallik darajasi og’ir bo’lsa, tegishlicha jarrohlik amaliyoti ham qo’llanilishi mumkin.

Urazbaev MansurUrazbaev Mansur javob berdi

RЕVMATOID ARTRIT
Revmatoid artrit (RA) – biriktiruvchi to‘qimaning surunkali autoimmun yallig‘lanish kasalligi bo‘lib, asosan bo‘g‘imlarning zo‘rayib boruvchi eroziv poliartriti sifatida namoyon bo‘ladi. Buning oqibatida bo‘g‘imning tuzilishi va funksiyasi jiddiy talafot ko‘radi. Tez orada bemorlarning mehnat faoliyati pasayib, nogironlik guruhiga chiqishadi. Asosan bu kasallik 20-50 yoshlarda, aksariyat 75 foiz ayollarda uchraydi. Kasallikning birinchi 3 yilida 50 foiz bemorda nogironlik guruhi qayd qilinadi.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar revmatoid artrit kasalligini nafaqat tibbiy, balki ulkan ijtimoiy muammo ekanligini ko‘rsatib beradi.
Etiologiyasi
va patogenezi
Kasallikni keltirib chiqaruvchi sabab hozirgacha aniqlanmagan. Olib borilgan ko‘plab ilmiy izlanishlar kasallik polietiologik kelib chiqishga ega degan fikr¬ga olib keldi. Kasallik zaminida kechuvchi immunologik jarayonlarni chuqur o‘rganish, yangi infeksion-allergik nazariya kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Revmatoid artrit kasalligi rivojlanishining asosiy omili bu immun yallig‘lanishdir. Bunda qonda aylanib yuruvchi immun komp¬lekslar biriktiruvchi to‘qimaga cho‘kib yallig‘lanish jarayonini keltirib chiqaradi. Kasallikka uchragan bo‘g‘im sinovial pardasida immunoglobulin G, A, M miqdori oshib ketadi. Shulardan immunoglobulin G organizm¬da revmatoid faktor ishlab chiqarilishiga sababchi bo‘ladi. Tajribalardan bemor odamning qon zardobi bo‘g‘imga yuborilganda sinovit – bo‘g‘im sinovial pardasining yallig‘lanishi kuzatilgan. Revmatoid faktor, ya’ni autoantitelo o‘zgargan immunoglobulin G bilan birlashib, immun komplekslarni hosil qiladi, ular o‘z navbatida sinovial pardadagi va suyuqlikdagi komplement tizimini faollashtiradi. Immun komplekslar fagotsitozga uchraydi, fogotsitlar qobig‘i yemirilishi natijasida lizosomal fermentlar bo‘g‘im bo‘shlig‘iga ajralib chiqadi va bo‘g‘im komponent¬lari yemirilishi boshlanadi. Bo‘g‘im komponentlari yemirilishi oqibatida qonga kollagenning A hamda B tiplari ajralib chiqadi. Ular o‘z navbatida organizm tomonidan autoantigen deb topiladi va ularga qarshi autoantitelolar ishlab chiqariladi. Natijada qonda aylanib yuruvchi gigant immunkomplekslar hosil bo‘ladi. Ular bo‘g‘im pardalariga cho‘kishi oqibatida birlamchi immun yallig‘lanish jarayonini boshlab beradi. Kasallikka uchragan bo‘g‘imlar immun komplekslar ishlab chiqaradigan a’zoga aylanadi va bu holat kasallik yopiq zanjirli jarayon sifatida zo‘rayib borishini ta’minlaydi. Shuning uchun o‘z vaqtida amalga oshirilgan sinovektomiya jarrohlik muolajasi kasallik uzoq va turg‘un remissiya¬ga uchrashiga sabab bo‘ladi.
Klinikasi
Kasallikning boshlanishi: o‘tkir, o‘tkir osti va surunkali. O‘tkir davri ko‘pincha yoshlarda kuzatiladi. Bemorlarda harorat ko‘tarilishi, bo‘g‘imlarda og‘riq, umumiy holsizlik belgilari bilan boshlanadi. Kasallikning o‘tkir davri bir necha soatdan bir necha kungacha, o‘tkir osti davri esa 1-2 hafta davom etadi. Bu davr ko‘proq o‘rta yoshlilarda, asosan ayollarda kuzatiladi. Bo‘g‘imlarda og‘riq, subfebril harorat ko‘tarilishi bilan kechadi. Surunkali turi asosan yoshi keksalarda ko‘p kuzatiladi. Bo‘g‘imlardagi o‘zgarishlar asta-sekin kuchayib boradi va bir necha oylarga cho‘ziladi.
RA bilan og‘rigan bemorlarning 2/3 qismi simmetrik oligoartrit, 1/3 simmetrik poliartrit bilan boshlanadi. 30 foiz holatda yirik bo‘g‘imlar zararlanishi bilan, 10 foiz holatda qaytalanuvchi artritlar kuzatiladi. Barcha bo‘g‘im kasalliklari kabi RAda ham kasallik og‘riq bilan boshlanadi. Og‘riq xarakteriga qarab kuchsiz, doimiy, ertalablari kuchayuvchi, diffuz og‘riqlar far¬q¬lanadi. Og‘riqlar mushaklarda, paylarda, boylamlarda paydo bo‘ladi. Bo‘g‘imlardagi yallig‘lanish protsessi va rentgenologik o‘zgarishlar doimo bir-biriga mos kelmaydi. Ayollarda hayz davrida bo‘g‘imlardagi og‘riqlar kuchayadi. RA kasalligida og‘riq sutkalik ritmga ega. Kasallikda ertalabki karaxtlik asosiy belgilardan biri hisoblanadi, keyingi belgi bo‘g‘imlardagi shish hisoblanadi. Yallig‘lanish tufayli bo‘g‘imlarda sinovial suyuqlik yig‘ilishi hisobiga shish kuzatiladi. Kasallikda tana harorati doimiy oshishi kuzatilib, asosan 37,3-37,5oS bo‘ladi. Zararlangan bo‘g‘imlarda mahalliy harorat ko‘tarilishi, kasallikning erta bosqichlarida kechki payt¬lari bemorlarda et uvishishi kuzatiladi. Bu belgi kasallikni organizmning barcha joylariga tar¬qalayotganligini belgilaydi. Soat 18-20 lar oralig‘ida mushaklarda og‘riq kuchayadi. Kuchli et uvishishi va harorat ko‘tarilishi kasallikning septik turiga xosdir. Og‘riq paypaslash yo‘li bilan aniqlanadi. RA kasalligi uchun og‘riq diffuz xarakterga ega. Og‘riq bo‘g‘im kapsulasi, bo‘g‘im tirqishi, bo‘g‘im atrofi yumshoq to‘qimalari, pay boylamlari atrofida aniqlanadi.
Bemorni ko‘zdan kechirayotgan shifokor quyidagi savollarni berishi kerak: qachon uxlashga yotadi, tez uyquga ketadimi, kechqurun tez-tez uyg‘onadimi, uyg‘ongandan so‘ng bo‘g‘imlardagi og‘riqlar qancha vaqt¬dan so‘ng o‘tib ketadi, qo‘llarini musht qila oladimi, tizza bo‘g‘imlarida bukish va yozish harakatlari oson bo‘ladimi? RA bilan kasallangan bemorlarda bu harakatlarni bajarish qiyinchilik bilan kechadi. Kasallik uzoq davom etganda bo‘g‘im kapsulasi hamda bog‘lovchi komplekslar bo‘shashib ketadi, mushaklar gipotrafiyaga uchraydi. Bu o‘z navbatida bo‘g‘imlardagi turli xil deformatsiyalarni keltirib chiqaradi.
1. Barmoqlarning ulnar deviatsiyasi. 2. Barmoqlarning to‘g‘nag‘ich ilgagi ko‘rinishidagi deformatsiya. 3. Oqqush bo‘yni kabi deformatsiya.
Rentgenologik
tekshirish usullari
Rentgenologik o‘zgarishlar kasallik boshlangandan 3-4 oy o‘tgach aniqlanadi. Bunda suyaklar epifizida subxondrial osteoporoz belgilari namoyon bo‘ladi. RA kasalligida destruktiv jarayonlar qo‘l II-III barmoq falangalari va V oyoq panjasi boshchalari sohasida kuzatiladi. Suyak to‘qimalari bilan birgalikda tog‘ay to‘qimalari ham yemiriladi. Uning oqibatida bo‘g‘im oralig‘i keskin torayadi. RAda suyaklar epifizida mikrokistalar hamda bo‘g‘im atrofida osteofitlar o‘sishi xarakterlidir.
Laborator
tekshirish usullari
RA kasalligida ECHTning (50-70 mm/s) oshishi xarakterlidir. Ba’zi bemorlarda ECHTning oshishi klinik belgilar yuzaga chiqishidan ancha oldin kuzatiladi. Bioximik testlar natijasi kasallikning faollik darajasini ko‘rsatadi. Immunokimyoviy va immunoradiologik tekshirish usullari bir qator immunologik kompleks¬larning paydo bo‘lishi va faollashishini aniqlash RAga erta tash¬his qo‘yishga yordam beradi.
Davolash
RA kasalligi rivojlanish mexanizmining murakkabligi va kam o‘rganilganligi, patologik jarayon rivojlanishida ko‘p tizimlarning ishtirok etishi kasallik farmakoterapiyasida ko‘pgina muammolarni keltirib chiqaradi. RA bilan og‘rigan bemorlarni davolash prinsiplari quyidagilardan iborat: 1) Kasallik rivojlanishi va zo‘rayishi sabablarini aniqlash. 2) Kasallikning faol davrida kompleks bosqichli davolash (I bosqich – statsionar davolash, II bosqich – sanator-kurort davo, III bosqich – poliklinik davo). 3) Sotsial gigiyenik chora-tadbirlar. RAni davolashda ishlatiladigan antirevmatik preparatlar 2 ta katta guruhga bo‘linadi – simptomatik va bazis. Simp¬tomatik davo preparatlariga yallig‘lanishga qarshi nosteroid preparatlar kiradi. Bulardan ko‘p tar¬qalganlari salitsilatlar, pirazolon preparatlari, indol uksus kislota mahsulotlari (indometatsin, metindol-retard), feniluksus kislota (voltoren, ortofen), propion kislota (brufen, naprosin, flyugalin) va boshqalar. Bemorlarni kortikoste¬roid preparatlar bilan davolash kichik dozalardan boshlanadi. Masalan prednizolonning sutkalik dozasi 5-7,5 mg. Agar 5-6 kun ichida bemor ahvolining yaxshilanishi kuzatilsa, kortikos¬teroid dozasini oshirmasdan NPVS preparatlaridan birortasi qo‘shimcha qilinadi. Masalan, indometatsin (kuniga 20-30 mgdan 3 mahal). RA patogenezining ayrim bo‘g‘inlariga ta’sir etish uchun bazis preparatlar; oltin tuzlari (krizanol, auranofin), D-pensillamin, xinolin preparatlari (delagil, plakvenil), sitostatik preparatlar (siklofosfamid, azatioprin), levamizoldan foydalaniladi.
Revmatoid artrit kasalligi rivojlanishida autoimmun jarayon asosiy o‘rin tutganligi uchun immunoterapiya muolajalarini qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Kasallikni xirurgik davolash yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek yopiq immun yallig‘lanish zanjiriga patogenetik ta’sir qiladi. Kasallikning ekssudativ va ekssudativ proliferativ bosqichlarida kasallangan sinovial pardani olib tashlash turg‘un va uzoqqa davom etadigan remissiya chaqiradi. Chunki bunda immun komplekslar ishlab chiqaradigan o‘choq olib tashlanadi. Kasallikning keyingi sklerotik bosqichida bo‘g‘imlarda turg‘un deformatsiyalar va kontrakturalar yuzaga keladi. Bunda ko‘pincha sinovektomiya operatsiyasiga qo‘shimcha yumshoq to‘qimalarda plas¬tik operatsiya¬lar bajariladi. Bo‘g‘imlarda fibroz yoki suyakli ankilozlar rivojlanganda bo‘g‘imlarni sun’iy bo‘g‘im bilan almashtirish maqsadga muvofiqdir.
Maqolamiz so‘ngida shuni ta’kidlamoqchimizki, revmatoid art¬rit kasalligi tibbiyotda o‘z yechimini topmagan muammo bo‘lib, barcha amalga oshirilayotgan davolash muo¬lajalari bemorlar turmush kechirish sifatini oshirishga qaratilgan.
Mirhakim AZIZOV, tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish instituti direktori.